Baxmalda “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqalari bo‘lib o'tdi.
Xabaringiz bor, ayni kunlarda Jizzax viloyatining chegaraoldi hududlarida joylashgan ta’lim muassasalari o‘quvchi yoshlari o‘rtasida “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Baxmal tumanida o‘tkazilgan bellashuvlar ham yuqori saviyada tashkil etildi.
Tuman hokimligi, DXX Chegara qo‘shinlarining Baxmal tumanidagi harbiy qism qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, yoshlar ishlari agentligi, maktabgacha va maktab ta’limi va sport bo‘limlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur musobaqada 6 ta jamoa 16 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Musobaqaning ochilishi marosimida mamlakatimizda “Yoshlarga oid davlat siyosati”ning amalga oshirilishida DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasi muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng, baholash hay’ati a’zolari tomonidan jamoalarning harbiy varaqalari, albom, vimpel va bayroqlari, avtomatlar maketi, maxsus formalari ko‘zdan kechirildi.
Kalashnikov avtomatini qisqa soniyalarda noto‘liq qismlarga ajratish va avtomatni yig‘ish, o‘q otish va o‘q-dorilarni tashish shartlarida esa qatnashchilar o‘zlarining qay darajada epchiligini va harbiy sohaga oid o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalarini amalda namoyon etishdi.
Keyingi - turnikda tortilish, tibbiy yordam ko‘rsatish, granata uloqtirish va yugirish shartlari ham anchayin qizg‘in kechdi. Yugirishda qizlar 100 va o‘g‘il bolalar 1000 metr masofani bosib o‘tishdi. Mazkur bahslarda ishtirokchilarning jismoniy va harbiy sohaga oid ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, umumta’lim fanlariga doir o‘tkazilgan test sinovlarida ularning bilimlariga baho berildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-o‘rin 8-umumta’lim maktabining “Burgutlar” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, ixtisoslashtirilgan maktabning “Lochin” jamoasi faxrli 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Kutilganidek, har bir shartda o‘zini to‘laligicha namoyon eta olgan 14-umumta’lim maktabining “Posbonlar” jamoasi “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Baxmal tuman bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tantanali tadbirda g‘olib jamoalar tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Baxmal tuman hokimligi
Axborot xizmati