Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 noyabrdan quyidagi 10 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga kiritiladi:
• uy hayvonlari (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati;
• avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati;
• rieltorlik xizmatini ko‘rsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga ko‘maklashish);
• uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati;
• maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar);
• gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash);
• tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash;
• yog‘och mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni to‘qish;
• uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va ko‘chatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam to‘qish va sotish;
• kulolchilik.
2023 yil 1 yanvardan YaTTlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foizidan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi (savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar bundan mustasno).
2023 yil 1 yanvardan o‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi:
• chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar);
• issiqxona;
• parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak);
• quyonchilik;
• asalarichilik;
• baliqchilik;
• bog‘dorchilik;
• limonchilik;
• gulchilik.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 noyabrdan tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlarga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan:
• parranda (tovuq, bedana, o‘rdak, g‘oz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;
• uzum ko‘chati va tok so‘risi;
• asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;
• quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;
• baliq chavoqlari, sun’iy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.
Bunda, mazkur subsidiya 1 nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun BHMning 20 baravarigacha (6 mln so‘mgacha) miqdorda hokim yordamchilari tavsiyasiga asosan ajratiladi.
2023 yil 1 yanvardan quyidagilarga ruxsat etiladi:
• YaTTga murakkab bo‘lmagan umumiy qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari (beton quyish, bo‘yoqchilik, suvoqchilik ishlari, g‘isht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, shu jumladan yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;
• qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida YaTTni jalb qilishga.
Bunda:
• YaTT umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun 5 nafargacha xodimni yollashi mumkin;
• umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamda kamida 3 nafar xodimni yollagan YaTTga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olishga subsidiya (bitta xodim uchun BHMning 15 baravarigacha – 4,5 mln so‘mgacha miqdorda) ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, “Yoshlar daftari” platformasida “Bitiruvchilar bandligi” funksionali joriy qilinadi va bu orqali umumiy o‘rta, professional hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining 3 yil davomidagi bandlik holati monitoring qilinadi.
Baxmal tumani Adliya bo'limi