“Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Unga koʻra, Sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilandi.
Shunga asosan, tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish kabi harakatlarni sodir etgan yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima solinishi mumkin.
Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.
Jarima summasi miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan bir oy ichida ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʻlashdan ozod etiladi.
Tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi belgilandi.
Shunga koʻra, tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada oʻxshash boʻlgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
"Advokatura toʻgʻrisida"gi Qonuniga kiritilgan oʻzgartirishlarga ko`ra advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazish endi davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Asos: OʻRQ–749-son, 02.02.2022-y.
S.Ergashev
Jinoyat ishlari boʻyicha
Baxmal tuman sudining raisi