Pensiya tayinlash masalalarini ko‘rib chiqish uchun pensiya jamg‘armasi bo‘limida pensiya tayinlash bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tuziladi. Komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Komissiya boshqa zarur hujjatlar bilan birgalikda pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza tushgandan keyin o‘n kun muddatda tegishli qaror qabul qiladi (pensiya tayinlash to‘g‘risida, pensiya tayinlashni rad etish haqida, taqdim etilgan hujjatlarning asoslanganligini tekshirish to‘g‘risida va shu kabilar).
Agar pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan ariza beruvchi pensiya tayinlash uchun murojaat qilishda nazarda tutilgan zarur hujjatlarni taqdim etmasa yoki taqdim etilgan hujjatlar ularning asoslanganligi va ishonchliligi yuzasidan qo‘shimcha tekshirishni talab qilsa, komissiya tomonidan hujjatlarni tekshirish tugaguniga qadar arizachi taqdim etgan hujjatlarga asosan qonunchilikda belgilangan miqdorda pensiya tayinlanadi hamda tekshirish yakuniga muvofiq qo‘shimcha hujjatlar asosida pensiyasi qayta hisob-kitob qilinadi.
Agar ariza beruvchi tekshirish yakuniga qadar pensiya tayinlashga rozi bo‘lmasa, komissiya ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish tamom bo‘lgandan keyin pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Pensiya ishi komissiya tomonidan pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan kun mobaynida rasmiylashtirilishi kerak.
Pensiya ishlarini rasmiylashtirish va yuritish tartibi, shuningdek pensiya hujjatlari shakllari va ularni to‘ldirish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Pensiya tayinlash rad etilgan taqdirda Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilgandan keyin besh kundan kechikmay tashkilot yoki ariza beruvchiga rad etish sabablarini, qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi ko‘rsatilgan bildirishnomani berishi yoki yuborishi hamda barcha taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxalarini hujjatlar olinganligi to‘g‘risidagi tilxat bilan pensionerning (ota-onaning, qonuniy vakilning) qo‘liga qaytarishi shart.
Komissiyaning qarori yuzasidan ariza beruvchi tomonidan Pensiya jamg‘armasi bo‘limining bevosita yuqori organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lgan oila a’zolarining barchasiga bitta umumiy pensiya tayinlanadi. Oila a’zosining talabiga ko‘ra uning pensiyadagi ulushi ajratiladi va unga alohida to‘lanadi.
Boshqa tumanda (shaharda) yashaydigan oila a’zosi o‘ziga pensiya ulushini tayinlash yoki ajratish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilganda murojaat qilganning yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limi rasmiylashtiradigan yoki ushbu oilaning amaldagi pensiya hujjatlar yig‘majildi turgan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga tegishli xabarnomani yuboradi. Xabarnomaga ariza va yangidan murojaat qilgan oila a’zosining pensiya olish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinadi. Ushbu holatda pensiya boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasidan ulush ajratib berish to‘g‘risida murojaat qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab tayinlanadi.
Pensiya ishini rasmiylashtirishning barcha hollarida oila har bir a’zosining pensiyaga bo‘lgan huquqini tasdiqlaydigan barcha hujjatlar tikib qo‘yiladi.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqini aniqlashda vafot etgan boquvchi oilasining nogironlikning III guruhiga ega bo‘lgan a’zolari vafot etgan boquvchi oilasining mehnatga layoqatsiz a’zolari jumlasiga kiritilmaydi.
Agar vafot etganning bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nevaralari parvarishi bilan ular ikki yoshga to‘lgungacha band bo‘lgan oila a’zolaridan biri pensiya turlaridan bittasini oluvchi bo‘lsa, u holda uning xohishi bo‘yicha faqat pensiyaning bitta turi tayinlanadi.
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi (shu jumladan boquvchisining vafotidan keyin tug‘ilgan bolaga) ushbu pensiyaga huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab, pensiya tayinlash uchun birinchi marta murojaat qilinganda, boquvchi vafot etgan kundan boshlab 6 oydan kechikmay tayinlanadi. Qolgan holatlarda pensiya murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi.
Misol. Boquvchi vafot etgandan (2010-yil 10-iyun) keyin tug‘ilgan bolaning (2010-yil 6-avgust) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga huquqi tug‘ilgan kunidan boshlab paydo bo‘ladi. Tegishli ravishda, boquvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab 2010-yil 10-dekabrga (murojaat qilishning oxirgi kuni 2010-yil 9-dekabr) qadar murojaat etilganda pensiya 2010-yil 6-avgustdan tayinlanadi.
Agar oilaning alohida yashaydigan a’zosining pensiyaga bo‘lgan huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar oilaning boshqa a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risida qaror chiqarilganidan keyin tushsa, u holda alohida yashaydigan oila a’zosiga pensiya ulushi ajratilgan holda oilaning barcha a’zolariga pensiya tayinlash to‘g‘risida yangidan qaror qabul qilinadi.
Oilaning ko‘rsatib o‘tilgan a’zosining tushgan hujjatlari amaldagi pensiya ishiga qo‘shib qo‘yiladi, pensiya ulushini ajratish to‘g‘risidagi qaror nusxasi esa uning yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yuboriladi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi pensiya ulushini ajratish uchun asos bo‘lgan barcha zarur hujjatlarning nusxalari bilan birga pensiya ulushini oluvchiga mustaqil pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildini rasmiylashtirishi kerak.
A.Eshquvvatov
Buyjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi
Bahmal tuman bo’limi Pensiya va nafaqalar
Tayinlash va to’lovlarni tashkil qilish sho’ba mudiri