Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash shartlari
Oila:
2021-yilning 1-sentabridan — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad 498
ming so‘mdan oshmaganda;
2022-yildan boshlab — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda oila a’zolarining taqdim etgan arizalariga asosan “Yagona reyestr” AT orqali kam ta’minlangan oila deb e’tirof etilgandan so‘ng tayinlanadi.
“Yagona reyestr” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar (shaxslar) qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.
Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlardan foydalanish va imtiyozlarni olish uchun “Yagona reyestr” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oila (shaxs)ga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 3 daqiqa ichida ushbu Nizomga muvofiq shaklda ma’lumotnoma taqdim etiladi.
Ushbu ma’lumotnoma oila (shaxs) “Yagona reyestr” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oydan boshlab o‘n ikki oy davomida amal qiladi.
Agar bitta oila so‘nggi 12 oy davomida ketma-ket “Yagona reyestr” AT orqali bir necha marotaba kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan bo‘lsa, bunda ma’lumotnomaning amal qilish muddati ushbu oila oxirgi marotaba kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oydan boshlanadi.
Oila (shaxs) “Yagona reyestr” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ushbu Nizomga muvofiq sxema bo‘yicha taqdim etiladi.
Ma’lumotnoma taqdim etilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomga muvofiq sxema bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanadi.
Oilaning muomalaga layoqatli istalgan a’zosidan biri (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, 18 yoshga to‘lgan, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan (ota-onasi, ulardan biri yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs bilan birga yashovchi) bolasi yoki oilaning farzandlikka olingan bolasi yoxud vasiylikka olingan shaxslar) ariza beruvchi bo‘lishi mumkin.
Har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun ariza topshirish va “Yagona reyestr” ATga kiritish bir oyda bir marta amalga oshiriladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagach, ariza beruvchi ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni yangi muddatga tayinlash uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni to‘lash muddati tugayotgan oydan keyingi oyda beriladi. Takroriy murojaatlar umumiy belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
X.Boymurodov
Budjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi
Baxmal tuman bo’limi
“Yagona reyestr” AT mutaxasissi